Oq Shayx bobo qasri

  • 1
  • 0
Ta‘rif

“Ichon qal’a”ning Ko‘hna Ark hududi ichida, uning g‘arbiy devoriga tutashgan qismida joylashgan. Rivoyatlarga ko‘ra, XIV asrda yashab o‘tgan Shayx Muxtor Valining qadamjosi bo‘lgan.1984-1985 yillarda M.Mambetullayev, V.Yagodinlar boshchiligida Oq Shayx Bobo tepaligi yonida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida olingan ma’lumotlarga ko‘ra tepalik VI-VIII asrlarda barpo etilgan. Bu inshootni barpo etishda kvadrat shakldagi (35-39x35-39x8-9 sm) xom g‘ishtlardan foydalanilgan bo‘lib, bunday hajmdagi g‘ishtlar Xorazmdagi ilk o‘rta asr inshootlarining qurilishida keng foydalanilgan. Mazkur inshootni o‘rganish jarayonida madaniy qatlamlardan topilgan sopol buyumlar ham Xorazmning ilk o‘rta asrlar yodgorliklarida keng tarqalganligi bilan xarakterlanadi. Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra bu tepalik qal’a ichida barpo etilgan ilk o‘rta asrlarga xos bo‘lgan mustahkamlangan feodal ko‘rg‘oni sifatida ta’riflanadi. Shunga o‘xshash qo‘rg‘on kvadrat shaklda (11,5x11,5 m) Ichon qal’aning janubiy-sharqiy burchagida ham aniqlangan. Qal’a ichida bunday mustahkamlangan qo‘rg‘onlarning miqdori qancha bo‘lganligi yoki ular ilk o‘rta asrlar shahrining ajralmas qismi bo‘lganmi, hozircha noma’lum.

Bu yodgorlik XVII asr boshlarida qaytadan ta’mirlangan. Tepalikda saqlanib qolgan ikki qavatli uying xarobalari so‘nggi davrga oid qasrning kuzatuv minorasi bo‘lib xizmat qilgan. Tepalikning ichki xonalarida XIX asrda to‘p quyish ustaxonasi va porox saqlanadigan ombor joylashtirilgan. Bino 1991 yilda qayta ta’mirlangan, hozirda sayyohlar baland ayvon orqali shaharni tepadan tomosha qilish imkoniyatidan bahramand bo‘lmoqdalar.

Расположение на карте


Izohlar