Termiziy me‘moriy majmui

  • 1
  • 0
Ta‘rif

Termiziy me'moriy majmui, Hakim Termiziy maqbarasi- Termizdagi me'moriy yodgorlik (10-15-asrlar). Majmua Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziy nomi bilan bog‘langan.

Termiziy me'moriy majmui asrlar davomida bir necha bor qayta qurilgan. Masjid, maqbara, xonaqoh, qorixona kabi binolardan iborat bo‘lgan. Dastlab xom g‘ishtdan xonaqoh (9-a.) bunyod etilib, Hakim Termiziy shu yerda yashab mudarrislik qilgan. Binodan keng hovlining bir qismi, qalin devor to‘siq va shim.sharqiy burchagida uncha katta bo‘lmagan yerto‘lasimon hujra saqlangan.

Vaqtlar o‘tishi bilan qabr ustiga, xonaqohning jan. G‘arbiy burchagida xom g‘ishtdan jan.ga qaratib maqbara bunyod etilgan (9-a.). Termiziy maqbarasi xalq orasida ulug‘lanib avliyo qabri, muqaddas ziyoratgoh sifatida e'zozlangan. Keyinchalik maqbaraning sharqiy devoriga tutashtirib kichik qorixona va o‘g‘li al Hakim Abdulloh maqbarasi(10-a.), shim.da uncha katta bo‘lmagan hovliga qaragan 3 gumbazli, ravoqli yo‘lak ko‘rinishidagi namozgoh masjidi(11 -12-a.lar) hamda bir qator qo‘shimcha xonalar qo‘shilgan.

Temuriylar hukmronligi davrida (15-a.) xonaqoh baland asos (bal. 1,5 m) ustiga pishiq g‘ishtdan qayta qurildi. Unga tutash bo‘lgan xonalar ta'mirlandi. Xonaqohning shim. va jan. tomonlariga peshtoq ishlandi. Oddiy va aniq qurilmali xona devorlari ravoq ustunlari «romb» ko‘rinishidag poy-ustunga tayangan. Hakim Termiziy maqbarasi 9-asrda bunyod etilgan xonaqoh hujralaridan biri bo‘lgan. Xonaqoh hovlisining g‘arbidagi 3 gumbazli masjid maqbaraga tutash, 3 ravog‘i hovliga qaragan. Masjidning g‘arbiy devor markazida keng hoshiyali mehrob bor. Undagi bo‘rtma yozuv, sopol shakllar, oraliq zaminidagi o‘yma ganch bezaklar o‘ziga xos. Masjid ustunlari g‘ishtdan bezakli qilib terilgan. Masjiddan ravoq orqali maqbaraga o‘tiladi. Maqbara ichi ganch o‘ymakorligida gilam nusxa bezakda serhasham pardozlangan. Gumbaz osti sharafasida kufiy xatida Qur'onning 36 surasi o‘yib yozilgan. Xonaqoh ichi ham yulduzsimon girih naqshlar bilan pardozlangan. Ravoqlaridagi tobadonlariga panjaralar o‘rnatilgan. Maqbara ichidagi oq marmar sag‘ana temuriylar davridagi tosh o‘ymakorligi san'atining yuksak namunasidir. Sag‘ana 3 pog‘onali, asosi islimiy naqsh va yozuvli hoshiyalar bilan, o‘rta qismidagi 3 mehrobiy tokchaning markaziy (o‘rta) qismi muqarnas kosachalar bilan, 2 yoni shamchiroq tasviri bilan bezatilgan.

Sag‘anadagi yozuvlarda Ter-miziy hayoti va faoliyati tavsiflangan. Kichik maqbarada ham ta'mirlash ishlari olib borilgan. Abdullaxon hukmronligi davri (16-a.)da hazira (hovli) hududida 9 gumbazli masjid (eski masjidni o‘z ichiga olgan) qurilgan. Oldida yengil ravoq ustunli ayvon joylashgan. 19-asrda 9 gumbazli masjid o‘rnida 4 gumbazli masjid bunyod etilgan. Jan.dan kiraverishda yana bir maqbara (go‘rxona va ziyoratxonadan iborat) qurilib, ravoqli bo‘lmalar orqali Termiziy maqbarasi va xonaqoh bilan o‘zaro bog‘langan. Termiziy me'moriy majmui 1955-57 yillarda ilmiy o‘rganilib 14- 15-asrlardagi ko‘rinishi qayta tiklandi. 1980- 81 yil va2001-2002 yillarda maqbara va xonaqoh qayta pardozlandi.

Расположение на карте


Izohlar