Xivadagi Nurullaboy saroyi eng hashamatli, eng jozibali, eng ko‘rkam va maftunkorligi bilan boshqa saroylardan ajralib turadi.
Ichanqal’ada imoratlar soni ko‘payib, yangi - yangi bog‘–rog‘li joylar qurish imkoni kamaygach, Muhammad Rahimxon I o‘z o‘g‘illari Mahmud to‘ra, Muhammad to‘ralarga shaharning g‘arbiy tomonidan hovli joylar qurib beradi. Sayid Muhammad to‘ra xon bo‘lgach, (1856 y) esa bu uylarga yaqin joyda bir ko‘rinishxona qurilishini vaziri Xasanmurod Qushbegiga topshiradi. Bayoniy va Ogahiylarnig yozishicha “Nurullaboy” nomi bilan mashhur bog‘dagi yangi imoratlarning kun chiqar tomonida qurilgan bu ko‘rinishxona juda chiroyli bo‘lib, unga Ogahiy shunday tarix aytgan:- “Ko‘rinishxona u valo” (ulug‘ ko‘rinishxona) ushbu so‘zlardan abjad hisobi bo‘yicha hijriy 1276 melodiy 1859 yillar topildi.
O‘z davrida ko‘rinishxonada yoz paytida ochiq havoda qabul marosimlari o‘tkazilgan. Sayid Muhammadxondan keyin taxtga ko‘tarilgan o‘g‘li Muhammad Rahimxon II (1864-1910) xivalik savdogar boy Nurullaboydan bog‘ini sotishni so‘raydi. Shunda Nurullaboy xonga, u avvaldan xalq o‘rtasida bo‘lib kelgan «Nurullaboy bog‘i» nomini o‘zgartirmasa sotishini aytadi. Xon rozilik bildiradi va bog‘ni sotib oladi. Shunday qilib «Nurullaboy» nomi saqlanib qoladi. Muhammad Rahimxon II Nurullaboy bog‘i ichida o‘g‘li Isfandiyorxon uchun katta bir saroy va haram (haram-xos joy, nomahramlar kiritilmaydigan joy, ichki hovli) qurdiradi.
Bu ichki saroy 1896-1904 yillarda qurilgan bo‘lib, baland devor bilan o‘rab olingan. Saroy to‘rtta qismdan iborat bo‘lib, yuzdan ziyod xonalar, dolonxona, qarovulxona, otxona, mulozimlar turadigan xonalar va haramdan (beshinchi hovli) iborat bo‘lgan. Saroyga janub tomonda qurilgan maxsus darvoza orqali kirilgan. Darvoza ichkarisida xon mahkamasi, shaxsiy qo‘riqchilar uchun xonalar, devonxona bunyod qilingan. Saroydagi Isfandiyor to‘ra uchun mo‘ljalangan xonalarga Rossiyadan keltirilgan chinni pechkalar o‘rnatilgan.
Feruz vafotidan so‘ng taxtga chiqqan Isfandiyorxon (1910-1918) o‘zi uchun yangi uslubdagi Nurullaboy saroyini qurdirib, bu bog‘dagi qurilishlarga nuqta qo‘yadi. Yangi qurilgan qabulxona chet ellik (rossiyalik) mehmonlarni qabul qilish maqsadida qurilgan.
Bosh vazir Islom Xo‘ja Isfandiyorning qabulxona qurishiga qarshi chiqadi. Chunki, pochta-telegraf va kasalxona qurilishi kechikayotgan, xazinada pul kam edi. Ammo, xonning qat’iy farmonidan keyin shogirdi Rahimbergan mahramni sohibkor (qurilish boshlig‘i) qilib tayinlaydi. Qabulxona 1911–13 yillarda qurilgan, meditsina fanlari doktori, professor A.A.Abdullayevning «Xorazmda tibbiyot» asarida shunday jumla bor:- «Islom Xo‘ja yana Moskvaga borib, shaharning boshlig‘i N.I.Puchkov qabulida bo‘ladi. Moskva shahrining boshlig‘i uni moskvalik arxitektor A.M.Ropa bilan tanishtiradi». A.M.Ropa boshchiligidagi arxitektorlar Xivada bo‘lishib kasalxona, telegraf va aloqa, elchilarni qabul qilish uchun mehmonxona loyihasini maslahatlashib ketishadi. Tez orada loyiha tayyorlanib qurilish boshlab yuboriladi.
1911- 1913 yillarda qurilgan bu qabulxona qurilish uchun alohida pishgan g‘ishtlar tayyorlangan. G‘ishtning loyi shahar yonidagi Avaz dunak qishlog‘idan keltirilib, maxsus ishlangandan keyin 4 ta xumbuzda pishirilgan. G‘isht pishirish va terish (kladka)da ustalaridan Bobojon xumbuz, Matyoz bola, Xasan pirsiyon, Quryoz Bobojon va boshqalar ishlashgan. Saroyning tomi yupka temir listlar bilan soyabon (uch burchak) shaklida bostirilgan. Saroy yetti xonadan iborat bo‘lib, eshik, deraza va parket pollarini ok machitlik nemis ustalari tuzatishgan (oqmachit Xivadan 15 km sharqda joylashgan qishloqning nomi ) Qabulxona xonalari ichki bezaklari bilan bir biridan farq qiladi. Devor va shiftdagi ganch o‘yma ishlarini Ro‘zmat arbob Masharipov, Nurmat usta, Xudoybergan Hoji, Quryoz Bobojonov va boshqalar bajarishgan.
Ganchdan naqsh o‘yilgan devorlarga Vaisyoz Matkarimov boshchiligida moy bo‘yoqlar bilan rang berilgan. Shiftlardagi Yevropa usulida yasalgan gullar va farishtalar rasmini rus rassomlari yasashgan. Musulmon dinida ruxsat etilmagan bunday farishtalar rasmini yasashga xonning vaziri akbari, qaynotasi Islom Xo‘ja ruxsat etgan. Islom Xo‘ja zamonasining o‘qimishli, ilg‘or fikrli kishisi bo‘lgan. Mehmonxonaning ikkinchi xonasi ziyofat uchun ajratilgan bo‘lib o‘lchamlari 8 x 14 m, balandligi 6 m, to‘rtinchi xonada xonning qabulxonasi joylashgan bo‘lib, bu yerda har xil shartnomalar imzolangan. Sakkiz burchakli yumalok zal deb yuritilgan bu xonaning o‘lchamlari 10 m, balandligi yetti metrdir. Xon davrida bu xonaning har burchagida bittadan 1,5 x 3 metrli ko‘zgu qo‘yilgan.
Bu xonaning shifti yog‘ochdan ishlangan bo‘lib, nihoyatda ustalik bilan nafis geometrik shakllar yasalgan va oltin suvi berib ishlangan. Shiftni bezashda xivalik ustalardan Bobojon Qalandar, Masharip Qalandar, Vaisyoz Matkarimov va boshqalar mahorat ko‘rsatishgan, shiftning pastidan devorlarga o‘rnatilgan to‘lqinsimon karnizlar Rossiyadan maxsus qog‘ozlarga o‘ralib keltirilgan. Oltinchi xona shiftini o‘rtasiga ganch o‘ymakorligi ustalari tomonidan musulmonlar simvoli-yarim oy va yulduzlar naqshi tushirilgan, yana rus ustalari bu xona shiftining to‘rt tomoniga bittadan farishtalar rasmini moy bo‘yoqlar bilan yasashgan. Buning natijasida bir xonaning o‘zida ham musulmon, ham xristian diniga mansub belgilar paydo bo‘lgan. Mehmonxonaning yettinchi xonasi shiftiga tovus patining gullari chiroyli qilib yasalgan va har xil rangdagi qimmatbaho toshlar o‘rnatilgan. Devorlaridagi ganch o‘yma naqshi juda nafis qilib ishlangan va bronza rang bilan bo‘yalgan. Xon saroyini qish kunlarida qizdirilishi uchun Rossiyadan yettita chinni (fayans) pechka keltirilgan. Bu pechkalar yakka plitkalardan iborat bo‘lib, ularni rus ustalari qurib berganlar. Pechkalar saksovul bilan qizdirilgan.
Xiva xonligida yana bir yangilik, mehmonxona uchun elektr qandillarining keltirilishi bilan qandillar katta va og‘ir bo‘lganligi sababli, saroy tomida mahsus yog‘och qurilmalar ishlangan. Ana shu piramidasimon qurilmalarga qandillar osib qo‘yilgan. Qandillardagi elektr lampochkalarni yoqish uchun Xivaga o‘n olti ot kuchiga ega bo‘lgan kichkina dvigitel keltirilgan. Xivada birinchi marta elektr lampochkasini Volga bo‘yidagi Sizan shahridan chaqirilgan Muso Sabanovich Yangio‘razov yoqqan. Qabulxona qurilishi uchun xazinadan 70 ming tillo (126 ming so‘m) xarajat qilingan. Binoda inqilobdan keyin hukumat uyi, boshqaruv organlari joylashgan.
Keyingi davrlarda Maorif uyi va muzey binosi sifatida foydalanilgan, hozirgi kunlarimizda saroy qayta ta’mirlanib, asl holiga keltirilgan.