Me’morchilik inshootlari turkumidan tashkil topgan, 600 yildan ortiqroq tarixga ega sobiq Shayx Xovand Tohur qabristoni nomi bilan ataluvchi ziyoratgohga hozirgi Alisher Navoiy nomli ko‘cha orqali Tarxi chortoq shaklidagi darvozadan kirilardi.
Darvoza 1892 yilda salobatli, ko‘rkam gumbazli, baland peshtoq qilib, pishiq g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, ichidan aylanma zina bilan tomga chiqilgan. Hayit va Navro‘z bayramlarida darvoza tomida chalingan karnay—surnay va nog‘ora sadolari shahar ahlini Shayxontohur ziyoratgohida o‘tadigan milliy bayram sayliga chorlab turgan. Darvozaning qo‘shtabaqali yog‘och eshigida o‘zbek milliy san’atining so‘ngi yutuqlari mujassamlashgan edi. O‘tgan asrning 40-yillarida A.Navoiy ko‘chasining kengaytirilishi munosabati bilan darvoza olib tashlangan.
Ilgari shaharning eng gavjum va fayzli joylaridan biri bo‘lgan bu ziyoratgoh hududida o‘nlab me’morchilik yodgorliklari, atrofi baland daraxtlar bilan o‘ralgan shifobaxsh buloqli langar hovuz va savdo-sotiq rastalari ziyoratgohga fayz bag‘ishlab turgan.
Ziyoratgoh 1924 yilda sho‘rolar tomonidan yopib qo‘yilgan. Shayxontohur darvozasining o‘ng tomonida Toshkent hokimi Lashkar beglarbegining to‘ngich o‘g‘li Eshonqul dodxoh nomi bilan ataluvchi madrasa (XIX asrning 40-yillarida) bunyod etilgan.
Madrasa o‘tgan asrning 60-yillarida A.Navoiy ko‘chasining kengaytirilishi tufayli buzib tashlangan.Madrasa binosida 1884 yilda rus tuzem maktabi ochilgan.Sho‘rolar davrida binoga kinostudiya joylashtirilgan. «Alisher Navoiy», «Tohir va Zuhra», «Nasriddin Buxoroda» kabi badiiy filmlar shu binoda yaratilgan.
Shayxontohur ziyoratgohiga kiraverishda o‘ng tomonda Zanjirlik masjid (masjid shayxontohur daha Zanjirlik mahallasiga tegishli bo‘lgan) joylashgan. Shu tomonda Langar hovuz yonida Xotin masjid bo‘lgan.
1947 yilda 1-troleybus aylanasining qurilishi munosabati bilan buzib Shayxontohur ziyoratgohiga ko‘chirib keltirilgan. Masjid 1966 yilgacha bolalar kutubxonasi vazifasini o‘tagan, o‘ziningg nodir o‘ymakorligi, naqshlari bilan arxitektura yodgorligi sifatida qimmatli bo‘lgan va 1967 yilda buzib yuborilgan.
1908-10 yillarda Namanganlik Hojimat eshon tomonidan Qaldirg‘ochbiy va Shayx Xovand Tohur maqbaralarini birlashtirib, Ovrat masjid qurdirgan. 1966 yilgi Toshkent zilzilasi tufayli vayrona holga kelib qolgan masjid binosi 1975 yilda Shayxontohur me’moriy ansamblini obodonlashtirish munosabati bilan buzib yuborilgan. Masjid 1947 yilga qadar Eskijo‘va maydoni ro‘parasi, Sag‘bon ko‘chasining boshlanish qismida bo‘lgan.
Yunusxon maqbarasi yonida shu nom bilan ataluvchi madrasa, madrasaning o‘ng tomonida G‘aribboy va Sayidazimboylar tomonidan kim o‘zarga qurilgan bir-biridan muhtasham ziyoratgoh ko‘rinishiga fayziga fayz qo‘shib turgan. Toshkentning eng salobatli maqbaralaridan sanalgan Yunusxon maqbarasining sharqiy qismida “Kuk yo‘tal ota”, “Qabz ota” maqbaralari yaqinida shifo izlab kelgan ziyoratchilarning keti uzilmagan. Bu obidalar o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida buzdirib yuborilgan.
Endilikda Shayxontohur me’moriy ansamblidan faqat uchta maqbaralargina saqlanib qoldi. Bular: Shayx Xovandi Tohur, Qaldirg‘ochbiy va Yunusxon maqbaralari.
Shayx Xovand Tohur. Mamlakatimiz qolaversa, Markaziy Osiyo xalqlari uchun ham muqaddas ziyoratgoh sifatida ma’lum va mashhurdir. Bu muqaddas va e’zozli dargoh. Toshkent shahri to‘rt dahasining biri hisoblanib, qadimdan Shayx Xovand Tohur dahasi deb atalgan. Mustaqillik qo‘lga kiritigunga qadar bu dargoh juda ko‘p tarixiy voqea va hodisalarni boshidan kechirdi. “Rashahot ayn al-hayot” (“Hayot buloqlaridan oqqan tomchilar”) nomli asarda yozilishicha, Shayx Xovand Tohur ilohiyot va tariqat ilmining yirik namoyandalaridan biri bo‘lgan. Shayx Xovand Tohurning asli Bo‘stonlik tumanidagi Bog‘iston qishlog‘idan bo‘lib, bog‘istonlik mashhur mutasavvif Shayx Umar Bog‘istoniyning o‘g‘lidir.
Shayx Xovand Tohur o‘sha davr islom olamida o‘z yo‘nalishiga ega bo‘lgan “Yassaviya” tariqati yo‘lidan borib, mazkur tariqat maslakdoshlaridan bir nechasi bilan muloqotda bo‘lib, foydali yo‘l-yo‘riqlar oladi. Ul zot ko‘p yillar davomida buzrukvor allomalar mulozimatida bo‘lib, ilmi zohiriy va ilmi botiniy sir-sinoatlaridan voqif bo‘ladi. O‘zining ilmiy yetukligi jihatidan karomatgo‘y allomalar orasida yuksak mavqega ega bo‘ladi. Shayx Xovand Tohurning tavallud topgan yillari haqida hozirgacha manbalarda aniq ma’lumot uchramaydi. Ammo, ul mo‘’tabar zotning vafot etgan yillariga qarab, har holda XIII asrning oxirlarida tavallud topgan bo‘lsalar kerak, deb taxmin qilsa bo‘ladi. Rivoyat qilinishicha, buyuk alloma Shayx Umar Bog‘istoniy ko‘p yillar davomida farzand ko‘rmay, kunlardan bir kun o‘z zavjayi muhtaramlari bilan birga Imom Abubakr Qaffol Shoshiyning muqaddas maqbaralari - hozirgi Hazrat Imom maqbarasiga ziyoratga kelishib, Olloh taolodan farzand ato etishni iltijo qilib so‘rashgan ekan. Shundan so‘ng, ular farzand ko‘rishgan ekan.Bola tug‘ilgach, Shayx Umar Bog‘istoniy chaqaloq bilan Imom Abubakr Qaffol Shoshiyning maqbaralariga yana ziyorat qilish uchun kelganlar. Ular maqbaraga yaqinlashgan hamono maqbara tomiga qo‘nib o‘tirgan bir gala kabutarlar baravariga uchib havoga ko‘tarilishgan ularning qanot qoqib uchishidan “At-Tohur” degan ovoz sadosi yangragan. Shayx Umar Bog‘istoniy bu ovozni ayni vaqtda bashorat deb bilib, chaqaloqqa Xovand Tohur deb ism qo‘ygan ekanlar. Xovand Tohur - pok shayx degan ma’noni bildiradi. “Rashahot”da yozilishicha, Shayx Xovand Tohur tasavvuriga oid ayrim iboralar, jumladan, “tavhid” va boshqa muammolarni sharhlaganlar, Shuningdek, she’rlar ham yozganlar.
Shayx Xovandi Tohur maqbarasi
Shayx Xovandi Tohurning vafot etgan yili 1355 yilga to‘g‘ri keladi.
XV-asrning ikkinchi yarmida Xoja Ahror Valiy Shayx Xovand Tohur qabrlari ustiga ikki bo‘limdan iborat maqbara qurdiradi. Darvoqe, Xoja Ahror Valiyning onalari Xoja Dovudning qizlari edi.Xoja Dovud esa Shayx Xovand Tohurning o‘g‘illari edi.Ammo mazkur maqbara zamonlar o‘tishi bilan puturdan ketib, nurab bizgacha yetib kelmagan. Hozirgi maqbara esa eski maqbaraning tarxi va loyixasi asosida XIX-asrda qaytadan qurib tiklangan. Maqbara o‘zining ko‘rinishi va hajmi jihatidan kichik hamda kamtarona bezakka ega. U ham ikki bo‘limdan iborat bo‘lib usti gumbaz bilan qoplangan. Maqbaraning chap tomonidagi tosh qotib qolgan sarv daraxti bu yer dastlab usti ochiq qabr bo‘lganligidan dalolat beradi.
Go‘rxona ichiga Xovand Tohurdan boshqa - ul zotning ilohiyot va tariqat ilmidan saboq olib, yetuk karomat sohibi bo‘lib yetishgan, Dovud ismli o‘g‘illari, 1810 yili vafot etgan Toshkent hokimi Yunusxo‘ja va uning o‘g‘li Toshkent hokimi Sultonxo‘jalarning ham qabrlari joylashgan. Shayx dafn etilgan mozor tez orada ziyoratgohga, maqbara atrofida esa asta-sekin yangi-yangi sag‘ana va qabrlar paydo bo‘lib, shaharning eng katta va muqaddas qabristoniga aylandi. Shahardagi nufuzli kishilarning jasadlarini mazkur qabristonga qo‘yish odat tusiga kirgan. Bu qabristondan o‘rin olgan marhum va marhumalar yuksak darajada e’zozlangan. Jumladan, Toshkentga bostirib kelgan rus bosqinchilariga qarshi bo‘lgan, jangda mahalliy qo‘shinlarga qo‘mondonlik qilgan va 1865 yilning 9-mayida qahramonlarcha halok bo‘lgan Sulton Sayidning lashkarboshisi Alimqul o‘limi oldidan iltimosiga ko‘ra Shayxontohurga dafn etiladi.
Maqbara 1980 yilda qisman, mustaqillik yillarida to‘liq ta’mirdan chiqarilgan.
Boshqa manbadan ma’lumot
Yunusxo‘ja — Shayx Xovandi Tohurning avlodlaridan edi.
XVIII asrning ikkinchi yarimida Toshkent “Chorhokimlik” nomi bilan ma’lum bo‘lgan bu davrda dahalar o‘rtasidagi o‘zaro nizolar shahar xo‘jaligini, uning tashqi va ichki savdosini izdan chiqargan.
Daha hokimlarining uzluksiz davom etgan o‘zaro urushlardan tinkasi qurigan va bu kurashdan Shayxontohur dahasining hokimi Yunusxo‘janing qo‘li baland kelayotganini ko‘rgan shahar aholisi shahardagi boshqa hokimlarni ag‘darib, Shayxontohur xo‘jalaridan bo‘lgan Yunusxo‘jani shahar hokimi qilib ko‘tardi. Bu voqea XVIII asrning 80-yillarida yuz berdi.Shu tariqa Toshkentda yagona siyosiy hokimiyat o‘rnatildi.
Shayx Xovand Tohur hududida bir necha yuz yillik azamat chinorlar bo‘lib, ular ostida shiyponlar, choyxonalar, har xil shirinlik va turli-tuman matolar bilan savdo qiladigan do‘konlar, oshxonalar hamda tomoshabinlar uchun mahsus qurilgan bolxonalar ham bo‘lgan. Dastlab Yunusxo‘janing royishi va istagi bilan Shayx Xovand Tohur maydoni shaharliklarning eng muqaddas ziyoratgohi, hayit, bayram va sayillarda turli-tuman o‘yin-kulgu va ko‘ngil ochar tomoshalar o‘tkaziladigan saylgohga aylanadi.
Shahar devori qayta tiklanadi va Toshkentni Rossiya shaharlari bilan bog‘laydigan shimoliy-g‘arb tarafdagi shahar, qishloq va Katta Juz elatlarini bo‘ysindirishga kirishildi. Bir necha yurishlardan keyin 1796 yilga kelib ular Chimkent, Sayram, Oltintepa, Qorabuloq, Sarapan va boshqa o‘nga yaqin qishloqlar, Shuningdek, Katta Juz urug‘laridan Usun, Sanchiqli, Sara, Sergeli va boshqalar bo‘ysindirildi.
Oradan yana uch-to‘rt yil o‘tib, Yunusxo‘ja Katta Qozoq Juzi ustiga qilgan yurishlarini tugatdi. Turkiston va uning atrofidan to Chuv daryosigacha bo‘lgan hudud Toshkent hukumati tasarrufiga o‘tdi. Toshkent viloyatining shimoliy-g‘arbiy chegarasi Chuv daryosi yaqinidagi Qorako‘l degan joydan belgilanadi.
Yunusxo‘ja o‘ziga tobe bo‘lgan Katta Juzda xonlik mansabini tugatib qozoq urug‘larini idora qilishni ulardagi biy hamda yirik feodal vakillariga topshiradi. Shu yo‘l bilan u qozoq feodallari orasida o‘ziga ishonchli tayanch kuchlar yaratadi. Chunki, Yunusxo‘ja marhamatiga noil bo‘lgan va mahalliy hokimiyatni qo‘lga olgan qozoq feodallari Toshkent hukumatini va uning siyosatini qo‘llab-quvvatlardi. Katta Juz urug‘lari Toshkent hukumatiga zakot to‘lashi, ayniqsa, Yunusxo‘ja qo‘shinida xizmat qilishga majburligi shu jihatdan muhim edi.
Yunusxo‘ja qo‘shinining alohida bo‘lingan har bir qismida 200 dan 1000 tagacha sipoh bo‘lgan. Har qaysi qismida turli rangli ipak gazmolidan tikilgan bayroq bo‘lib, ularga hokim tomonidan qo‘yilgan xo‘ja mutasaddilik qilgan. Hokim bosh qo‘mondon hisoblangan.
Qo‘shinining juda oz qismigina qolganlari esa o‘q-yoy, nayza, qilich bilan qurollangan. Shuningdek, ularda 5 ta zambarak, 20 ga yaqin cho‘yan va temirdan yasalgan, tuyaga ortib yurilib uning ustida turgan holda otiladigan kichik to‘plar ham bo‘lgan.
Qo‘qon xonligiing Rossiya bilan aloqa o‘rnatishida Toshkent g‘ov bo‘lib qolgan edi. Toshkent g‘ov bo‘lishi hamda muhim xo‘jalik ahamiyatiga ega bo‘lgan Toshkent viloyatini egallash zaruriyati Norbo‘tabiy (1774-1799) va so‘ngra Olimxon (1799-1809) oldida muhim vazifa bo‘lib turar edi. 1799 yilda Qo‘qon xonligining - Xonxo‘ja yetakchiligidagi qo‘shin Toshkentga qarshi yurish boshladi. Bundan xabar topgan Yunusxo‘ja o‘z qo‘shinlari bilan qo‘qonliklarga qarshi chiqib, Chirchiqdan uzoq bo‘lmagan Qorasuv yonida ularga qattiq, zarba berdi. Xonxo‘ja boshliq 70 dan ortiq Qo‘qon harbiy boshliqlarini asir olib qatl ettiradi. G‘alabadan so‘ng Toshkent viloyatining Sirdaryo bo‘ylaridan to Chuv daryosi bo‘ylarigacha bo‘lgan yerlarni qamrab oldi. Yunusxo‘ja 1800 yilning kuzida Qo‘qonga qarshi yurish boshlaydi. Sirdaryo bo‘yidagi G‘urumsaroy yaqinidagi to‘qnashuvda Yunusxo‘ja katta talofatga uchrab bir gurux, yaqinlari bilan Toshkentga qaytadi.
Toshkent tarixiga oid muhim manba hisoblangan “Tarixi jadidayi Toshkand” asarining muallifi Muhammad Solih Qoraxo‘ja o‘g‘lining yozishicha, Yunusxo‘ja mag‘lubiyatga uchragan harbiy yurishlaridan so‘ng sil kasaliga mabtalo bo‘lgan, oradan ko‘p o‘tmay vafot etgan. Shundan so‘ng hokimlik taxtiga uning katta o‘g‘li Sultonxo‘ja ko‘tarildi. Yunusxo‘ja vafotini eshitgan Olimxon ukasi Umarxon boshchiligida Toshkentga qo‘shin yuboradi. Ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilmasdan shahar atrofidagi qishloqlarni talash va ekin maydonlarini paymol qilishga kirishadi. Ikki o‘rtadagi urush harakatlari uzoq davom etib, 1809 yili Toshkent Olimxon tomonidan bo‘ysundirilib, Qo‘qon xonligiga qo‘shib olinadi.
Toshkentning chorak asrlik (1784-1809) siyosiy mustaqillik davri shu tariqa nihoyalanadi va u to Rossiyaga qo‘shib olingunga qadar Qo‘qon xonligiga qaram bo‘ldi.
Toshkent viloyatida chorak asrlik o‘rnatilgan tinchlik, osoyishtalik, eng muhimi, qo‘lga kiritilgan mustaqillik joylarda, xususan Toshkent shahrida hunarmandchilik, savdo-sotiq ishlarini rivojlantirish imkonini bergandi.
Yunusxon maqbarasi
Shayx Xovand Tohur maqbarasining shimoli-g‘arbiy tarafida yana bir maqbara Yunusxon (1416-1487) maqbarasi mavjud. Bu maqbara qurilish uslubi jixatidan nafaqat Toshkentda balki Respublikamiz hududida Temuriylar davriga oid bo‘lgan eng qadimiy va kamyob obidadir. Maqbara Yunusxon sharafiga uning kichik o‘g‘li Sulton Ahmad tomonidan 1487-1502 yillar mobaynida qurilgan. Maqbara 1975-80 yillarda qisman va mustaqillik yillarida to‘liq ta’mirdan chiqarilgan.
Yunusxon (1485-1487) - Toshkent hokimi. Mo‘g‘iliston xoni Vaysxoning o‘g‘li, Boburning onasi Qulug‘ Nigorxonimning otasi, yana bir nabirasi Xo‘b Nigorxonimning o‘g‘li Mirza Muhammad Haydar Qashqarda, so‘ng Kashmirda Boburiylar nomidan hukmronlik qilgan. Xolavachchasi Bobirga o‘xshab Boburnomaning davomi sifatida “Tarixi rishidiy” nomliy tarixiy asar yozgan.Asar Abdurashidxon ibn Sulton Saidxon ibn Yunusxonga atab yozilgan.Shuningdek, “Johonnoma” nomli geografik asar yozgani ham ma’lum. Tadbirli lashkarboshi bo‘lgan.
Yunusxon Xurosonda Sharafuddin Ali Yazdiydan ta’lim olgan. Ali Yazdiy vafotidan so‘ng Iroq va Eronda kasb-hunar egallagan. Sherozda yashab ulamolar majlislarida qatnashgan. Bu yerda u “Usta Yunus” nomi bilan mashhur bo‘ladi. Abu Sayid Mirzo Yunusxonni chaqirtirib Jetikent, Farg‘ona va Yettisuv hududini boshqarishni topshiradi. 1462 yilda akasi Eson Bug‘axon o‘limidan so‘ng Mo‘g‘iliston taxtiga o‘tiradi. O‘zaro taxt talashishlar natijasida og‘ir ahvolda qolgan Yunusxonga Xoja Axrorning aralushuvi bilan Toshkent shahri va viloyatini boshqarish olib beriladi. Qisqa muddatli hukmronligi davrida u Toshkentda masjid va madrasalar, mustahkam istehkomlar qurdiradi. 1487 yilda vafotidan so‘ng taxtga o‘g‘li Sulton Maxmudxon o‘tirgan.
Qaldirg‘ochbiy maqbarasi
Shayxontohur qabristonining shimoliy tomonida joylashgan bu maqbara qachon, kim tomonidan qurilganligi-yu, bu yerga kim va qaysi davrda dafn etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar saqlanib qolmagan.
Faqat «Abdullanoma» asarining muallifi Hofiz Tinish Buxoriyning bergan ma’lumotiga qaraganda, Qaldirg‘ochbiy Xoja Ahror Valiyning avlodlaridan bo‘lib, u Mo‘g‘ulistonda hukmronlik qilgan. Lekin, arxeologik ma’lumotlarga qaraganda yodgorlik XIV asrda qurilgan, deb taxmin qilinadi. Albatta, kim, qachon ko‘milganligi noma’lum obida to‘g‘risida turli xil rivoyatlar to‘qilishi tabiiy. Shu sababli, yodgorlikning nomi ham Qaldirg‘ochbiy, Qaldirg‘ochbibi, Qaldirg‘ochboy va boshqa turli nomlar bilan atalib kelingan. O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida yoniga yuridik institut quriladi. Maqbaradan turli maqsadlarda foydalaniladi.Natijada, maqbaradagi o‘rnatilgan naqshinkor arabiy yozuvli marmartosh chiqarib tashlanadi.Shu bilan qimmatbaho ma’lumot izsiz yo‘qoladi.1966 yilda maqbara zilzila tufayli qattiq shikastlanadi, 1970 yilda ta’mirlanib o‘z holiga keltiriladi.
Keyingi yillarda qozoq birodarlar, bu yerga Toshkentga 12 yil hukmronlik qilgan qozoq millatiga mansub To‘labiy ko‘milgan degan da’voni qilmoqdalar. Bu sohada ko‘p yillardan beri izlanish olib borayotgan arxitektura fanlari nomzodi Abdujabbor Yahyoyevning kuzatishlaricha «qozoq sovet entsiklopediyasi»da yozilishiga ko‘ra To‘lab Alibek o‘g‘li 1663 yil hozirgi Jambul viloyatida tug‘ilgan. 1756 yil Chimkent viloyatining Langar ovulida vafot etgan. 1972 yilgi arxeologik izlanishlarda qayd etilishiga ko‘ra qabr ochib ko‘rilganda sag‘ana ostidan uch erkak va ikki ayolning suyaklari chiqqanligi qayd etilgan.