«Bunyodkor» stadioni

  • 3
  • 0
Ta‘rif

“Bunyodkor” stadionini barpo etish 2008 yilda boshlangan bo’lib, sobiq MHSK stadioni o’rnida qad rostlagan.

Qurilish ishlari 2008-2012 yillar oralig’ida davom etib, nihoyat 2012 yilning avgust oyida tamomlangan. Qurilish jarayonida bir necha xorijiy kompaniyalar ishtirok etishdi.

Shuningdek, stadionning jihozlanishida ham eng malakali va jahonga mashhur kompaniyalarning sifatli mahsulotlaridan foydalanilgan.

2012 yilning 28 avgust sanasida “Bunyodkor” stadionining tantanali ochilishi marosimi o’tkazilinib, unda bevosita O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ham ishtirok etgan.

“Bunyodkor” stadionidagi ilk rasmiy uchrashuv 2013 yilning 26 mart kuni O’zbekiston va Livan milliy terma jamoalari o’rtasida o’tkazilinib, unda yurtdoshlarimiz 1:0 hisobida g’alaba qozonishgan.

“Bunyodkor” stadioni majmuasi jami 56 gektardan iborat. Kompleksda asosiy stadiondan tashqari, yana 7ta mashg’ulot maydoni, futbol maktabi binosi, basseyn va boshqa inshoatlar mavjud.

“Bunyodkor” stadioni eng zamonaviy standartlar asosida barpo etilgan. Stadion dunyo futbolining eng nufuzli tashkiloti – FIFA talablariga to’liq javob beradi.

“Bunyodkor” stadioni o’z bag’riga 35 mingdan ziyod muxlisni sig’dira oladi. Maydon o’lchami 112x72 metr.

Stadionga tashrif buyurgan har qanday inson ortga yaxshi taassurot bilan qaytishi uchun barcha sharoitlar muxayyo etilgan.
Har biri 35 nafardan futbolchi va murabbiylarga mo’ljallangan jami to’rtta kiyim almashtirish xonasi sportchilar xizmatida. U erda yumshoq o’rindiklar, kiyim-kechaklar uchun maxsus shkaf, yuvinish xonasi, sauna, massaj xonasi va boshqa qulay sharoitlarga ega zarur sharoitlar yaratilgan.

Stadion ikki qavatdan iborat bo’lib, jami 51ta sektor mavjud. 21ta sektor (1A, 1B, 1C, 1D, 1E, 1F; 2A, 2B, 2C, 2D, 2E; 3A, 3B, 3C, 3D, 3E, 3F; 4A, 4B, 4C, 4D, 4E) birinchi qavatda bo’lsa, 30ta sektor (5A, 5B, 5C, 5D, 5E, 5F, 5H, 5I; 6A, 6B, 6C, 6D, 6E, 6F, 6H; 7A, 7B, 7C, 7D, 7E, 7F, 7H, 7I; 8A, 8B, 8C, 8D, 8E, 8F, 8H;). Shuningdek, har ikkala qavat o’rtasida “balkon” sektorlar ham bor. SIP va VIp sektorlar eng martabali mehmonlarni qabul qilish bo’yicha dunyoning etakchi stadionlari bilan bemalol raqobatlasha oladi. “Bunyodkor” stadioni loyihalashtirilayotganida nogironlarning stadionga kirib-chiqishi ham inobatga olinib, ular uchun eng qulay nuqtadan 40ta maxsus joy ajratilgan.

Stadionning ikki tomonida (darvozalar ustida) 11,5x6,70 metr hajmdagi monitorlar bor. Shuningdek, maydon atrofida balandligi 1 va uzunligi 220 metrlik reklama monitori o’rnatilgan.

Hakamlar, nazoratchilar, ekspertlar, komissarlar va uchrashuvning boshqa rasmiylari uchun alohida-alohida xonalar eng zamonaviy va barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan.

Stadionga tashrif buyurgan muxlislar bar, fast-fud va restoran xizmatidan foydalanishlari ham mumkin. Uchrashuvlar bo’lib o’tadigan kunlari bar, fast-fud va restoranga tashrif buyurib, taomnomada o’zingiz istagan egulikka buyurtma berishingiz mumkin. Eng asosiysi, siz bar, fast-fud va restoranda turib ham bemalol maydondagi futbolchilarning hatti-harakatlarini kuzata olasiz.

Stadion xududida xavaskorlar uchun fitness-markaz ham faoliyat yuritadi.

Stadion xududida o’zbek futboli tarixi muzeyi ham yaratilgan. Bu erda O’zbekiston futbolining paydo bo’lish tarixidan tortib, to bugungi kungiacha bosib o’tilgan yo’l aniq ma’lumotlar asosida keng yoritib berilgan. Qolaversa, o’zbek futbolida o’z o’rniga ega bo’lgan insonlar alohida tasvirlab o’tilgan.

Uchrashuvlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun tashrif buyurgan jurnalistlar uchun ham FIFA talablarida ko’rsatib o’tilgan talablar to’liq bajarilgan. 60 nafar jurnalist, 10 nafar video operator, 20 nafar fotomuxbirga mo’ljallangan matbuot anjumanlari zali, 40ga yaqin OAVning turli bo’g’inlaridagi vakillari o’yinoldi va uchrashuvlardan keyin ishlashlari uchun media markaz tashkil etilgan. OAV vakillari uchun stadionning yuqori nuqtasidagi qoq markazdan maxsus “media tribuna” yaratilgan va ushbu sektor 60 nafar jurnalistga mo’ljallangan. Televidenie va radio sharxlovchilari uchun 4ta maxsus xona bor.

Jurnalistlarning ish sifatini yanada tez sur’atda bo’lishini ta’minlash maqsadida yuqori tezlikdagi internet xizmati yo’lga qo’yilgan.
Muxlislarning stadionga kirib chiqishi alohida inobatga olingan bo’lib, bu borada hech qanday muammo bo’lishi mumkin emas.

Stadion xududi atrofidagi avtomobillar turar joyi ham har qanday sharoitda ham muxlislarga xizmat ko’rsata oladi.

Расположение на карте


Izohlar