O‘zbekiston davlat san‘at muzeyi

  • 1
  • 0
Ta‘rif

O’zbekiston davlat sanʼat muzeyi — madaniy-maʼrifiy, ilmiy muassasa; O’rta Osiyoda ilk bor tashkil etilgan badiiy muzey. 1918 yilda Toshkent shahrida Xalq universiteti muzeyi sifatida asos solingan; keyinchalik Markaziy badiiy muzey, 1924 yildan Toshkent sanʼat muzeyi, 1935 yildan hozirgi nomda. Muzey Toshkentda yashagan knyaz N.K.Romanovning shaxsiy to’plami (rus va G’arbiy Yevropa rassomlari yaratgan portret va tarixiy kartinalar, grafika va haykaltaroshlik asarlari, badiiy mebel, chinni buyumlar va boshqalar) negizida vujudga kelgan. Turkiston o’lkashunoslik muzeyining badiiy bo’limidan va boshqalar muzeylarning fondlaridan, shaxsiy to’plamlardan sanʼat asarlari keltirilib boyitilgan (V.L. Borovikovskiy, K. P. Bryullov, V. A. Tropinin, I.M.Nikitin, O.A.Kiprenskiy, I.K.Ayvazovskiy, S.V.Ivanov, I.N. Kramskoy, N.N.Ge, A.K. Savrasov, I. I.Shishkin, V.G. Perov va boshqalar); muzeyda 19-asr rus rassomlarining nodir asarlari to’plangan (I.Ye.Repin, V. A. Serov, I.I. Levitan, N.K.Rerix va boshqalar). Muzey fondi 50 mingdan ziyod eksponatga ega (2005), tomoshabinlar soni yiliga 250 mingdan oshadi.

Muzeyda O’zbekiston xalq amaliy sanʼati, O’zbekiston tasviriy sanʼati, rus sanʼati, G’arbiy Yevropa sanʼati, Xorijiy Sharq xalklari sanʼati bo’limlari, xazina, taʼmirlash ustaxonasi, fotolaboratoriya bor, lektoriy tashkil etilgan. Muzey ilmiy muassasa sifatida O’zbekiston tasviriy sanʼati bo’yicha ilmiy tekshirish ishlari olib boradi: sanʼat asarlari sotib oladi, ularni ilmiy yoritadi, muzey xazinasidagi sanʼat asarlarini tahlil qiladi, tavsiflaydi, ilmiy asarlar, katalog , albomlar nashr etadi (mas, "Yapon gravyurasi O’zbekiston davlat sanʼat muzeyi to’plamida" katalogi; "Davlat sanʼat muzeyi" albomi, "Toshkentda eng yaxshi" turkum maʼlumot kitobi va boshqalar), xazinasidagi sanʼat asarlari asosida mavzuli ko’rgazmalar tashkil etadi, chet mamlakatlar (AQSH, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shveysariya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya va boshqalar) ko’rgazmalarida ishtirok etadi (jumladan, "EKSPO—2000" xalqaro ko’rgazmasi, Germaniyada; Xalqaro gilamdo’zlik ko’rgazmasi hamda "Qadimshunoslik va amaliy sanʼat", AQShda va boshqalar). Ayniqsa, mustaqillik yillarida xorijiy mamlakatlar bilan ijodiy aloqalar kengaydi. Muzey Xalqaro muzeylar qo’mitasi (IKOM) aʼzosidir.

Muzeyga turli davrlarda Sh. Hasanova, S.Abdullayev, D.Ro’ziboyev rahbarlik qilgan; 1997 yildan muzey rahbari Nasiba Ibrohimova.

Muzey ekspozitsiyasi sanʼat janri va turlariga ajratilgan holda xronologik tartibda tuzilgan. Har bir zaldagi eksponatlar sanʼat turlari, maktablari, anʼanalar va hozirgi rivojlanish markazlariga qarab joylashtirilgan. Ekspozitsiya O’zbekistonning qadimiy sanʼat yodgorliklari — Zarautsoy rasmlari, Xolchayondan topilgan haykallarni, so’ng O’zbekiston xalq amaliy bezak sanʼatini namoyish etish bilan boshlanadi. O’rta Osiyoda yashab ijod etgan rassomlar (I.S.Kazakov, N.N.Karazin, R.K.Zommer va boshqalar)ning 250 ga yaqin sanʼat asarlari to’plangan, shu yerda ishlagan rassom P. Benkov, A. Volkov, M.I.Kurzin, Usto Mo’min (A. Nikolayev), O. Tatevosyan, V. Ufimsev, N.V.Kashina, Z.M.Kovalevskaya va boshqalarning asarlariga ekspozitsiyadan alohida o’rin berilgan.

Muzey fondining katta qismini O’zbekiston tasviriy sanʼati asarlari tashkil qiladi: O’zbekiston tabiat kuychisi O’. Tansiqboyev, A. Abdullayev, Ya.Abdullayev, Sh. Hasanova, Ch.Ahmarov, R. Ahmedov, N.Qo’ziboyev, S. Abdullayev, R.Choriyev ijodi, tasviriy sanʼat taraqqiyotidagi ularning hissasi muzey ekspozitsiyalarida o’z aksini topgan. Muzey, shuningdek, boy o’zbek amaliy sanʼati to’plamiga ega: ganch, yog’och va tosh o’ymakorligi namunalari, zargarlik, gilamchilik, kashtado’zlik, kulollikka mansub qimmatli buyumlar o’zbek xalqining qadimiy va boy amaliy bezak sanʼati haqida mukammal maʼlumot beradi.

Muzeyda G’arb (Italiya, Ispaniya, Germaniya, Niderlandiya, Fransiya, Buyuk Britaniya) va Sharq (Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Vyetnam, Myanma) mamlakatlarining tasviriy sanʼat asarlari va amaliy sanʼati namunalariga keng o’rin ajratib berilgan. Muzey dastlab knyaz N.K.Romanov saroyida, 1935—66 yillar Xalq universiteti binosida joylashgan, 1974 yildan (1966 yil Toshkent zilzilasida vayron bo’lgan Xalq universiteti binosi o’rnida) muzey uchun maxsus qurilgan binoda (meʼmorlari I.Abdulov, A.K.Nikiforov, S.A.Rozemblyum). Bino tarhi sodda kub shaklida, tarzlari metall sinch (karkas)li konstruksiyalar bilan to’rtburchak shaklli qismlarga bo’lingan, poydevor va peshtog’i kulrang marmar bilan qoplangan. Muzey binosida 1997 yildan qayta qurish va taʼmirlash ishlari olib borildi; binoning 4 tomoniga O’zbekistonda ishlab chiqarilgan zamonaviy oynalar o’rnatildi, ular zallarni bir xilda mayin yoritib turishi sanʼat asarlarini tabiiy yorug’likda ko’rish imkonini beradi. Muzey zamonaviy qo’riqlash va yong’inga qarshi asbobuskunalar, kompyuterlar bilan jihozlandi.

Расположение на карте


Izohlar