Makka (arab. Umm ul-Quro, Umm ulMadoin — shaharlar onasi va b.) — Saudiya Arabistonining gʻarbiy qismidagi shahar, Qizil dengizdan 70 km uzoqdikda joylashgan. Hijoz viloyatining maʼmuriy markazi. Aholisi 1 mln. kishiga yaqin (2001); haj vaqtida (hajga keluvchilar hisobiga) 2 mln.dan oshadi.
Makka qad. shahar, asos solingan yili nomaʼlum. Dastlab Zamzam bulogʻi atrofida aholi turar joylari paydo boʻlgan. Makkada ilk bor Ptolemey asarlarida Makoraba deb qayd etilgan. Mil. av. 2—1ming yilliklarda M. arab qabilalari uchun muqaddas joy hisoblangan. Islom paydo boʻlishidan avval Sharq bilan Oʻrta dengiz boʻyi davlatlari oʻrtasidagi savdoda muhim oʻrin tutgan. Mil. 5-a. oʻrtalarida Makka quraysh qabilasi qoʻliga oʻtdi. Shu davrda quraysh qabilasining boshligʻi Zayd bin Kilob (Qusay laqabi bilan mashhur) Kaʼba atrofidagi yerlarni oʻz qabiladoshlariga boʻlib berdi. Qusay va uning avlodlari oʻtkazgan islohotlar natijasida Makka . tez suratlar bilan oʻsdi, bozorlar koʻpayib, ziyoratchilar uchun yangi quduklar qazildi. 6-a. oxiri — 7-a. boshida shahar Arabiston ya.o.ning faqat savdo va diniy emas, balki siyosiy markaziga ham aylandi. Shunday vaziyatda Makkada yakkaxudolik (tavhid)ga asoslangan islom dinining targʻiboti boshlandi. Makkada Muhammad (sav) tugʻilgan, 7-a.dan musulmonlarning muqaddas shahri va ziyoratgohi.
610 y. Muhammad (sav) Makka yaqinidagi Hiro togʻida oʻziga birinchi bor vahiy, yaʼni Qurʼon oyatikarimalari nozil boʻlganini eʼlon qildi. 622 y.da musulmon jamoasi Makka bilan raqobatlashib kelgan Yasrib (Madina) sh.ga koʻchib oʻtdi (q. Hijra). 630 y.da shahar musulmonlar qoʻl ostiga oʻtdi va Makkaga haj qilish islomning 5 arkonidan biriga aylandi. Umaviylar davrida (661—750) shahar qiyofasi keskin oʻzgardi: koʻp qavatli qasr, saroylar paydo boʻldi. Bagʻdod xalifaligi (750—1258) inqirozga uchragandan soʻng M. Fotimiylar, Ayyubiylar va mamluklar qoʻl ostiga, keyinchalik Usmonli turk saltanati to-beligiga (1517) oʻtdi. 1916 y.dan Makka — Hijoz qirolligi poytaxti. 1924 y. Ibn Saʼud qoʻshinlari Makkani ishgol etdi. 1932 y.dan Saudiya Arabistoni tarkibida.
Makkadagi Al-Masjid alharom va Baytulloh alharom—Kaʼba musulmonlar uchun muqaddas ziyoratgoh.
Makka aholisi, asosan, hajga kelganlarga xizmat koʻrsatish, ibodat qiluvchilar uchun diniy buyumlar (maxsus kiyimlar, yaʼni ihrom, tasbeh, atirlar, Zamzam suvi uchun idishlar) tayyorlash bilan shugʻullanadi. Gilam toʻqish korxonalari, ustaxonalar mavjud. Umm al-Quro unti bor (1981). Makka savdo va avtomobil yoʻllari tuguni. Avtomobil yoʻllari shaharni Arriyod, Madina va Jidda sh.lari bilan bogʻlaydi.