Ismoil Somoniy maqbarasi — Buxoro shahar madaniyat va istiroqat bogʻi hududida joylashgan koʻhna meʼmoriy yodgorlik, Somoniylar davlatining asoschisi Ismoil Somoniy va uning avlodlari maqbarasi (taxm. 864—868). Maqbara Oʻrta Osiyo meʼmorligi va sanʼati tarixidagi dastlabki maqbaralardan boʻlib, uning tuzilishida qadimiy sugd meʼmorligining anʼanalari saqlanib qolgan buyuk meʼmoriy asardir.
Ismoil Somoniy maqbarasi loyihasidan tortib, hajmiy tuzilishigacha geometrik tartib va qoida asosida yaratilganligi aniqlangan.
Maqbara 4 tomoni bir xil chordara shaklida, jimjima gʻishtin bezaklari chiviqli toʻsiq yoki qamish, buyra toʻqimasini eslatadi. Devor qalinligi —1,8 m, tarhi — tashqarisi 10,80x10,70 m, ichkarisi 7,20x7,20 m. Usti gumbaz bilan qoplangan. 4 burchagi ustunsimon shaklda ishlangan, gumbaz atrofiga 4 qubba oʻrnatilgan. Devor tepasida kungirasimon darcha (40 ta).
Har bir darcha hoshiyalangan. Ravoq tepasidagi qanos gʻishtin tangachalar marjoni bilan chegaralangan. Ikki chetiga mayda gishtdan chorsi tumor yasalgan. Bino ichkarisi tashqaridagi bezak bilan uzviy bogʻliq boʻlib, uslub jihatdan bir xil. Ichki devor gumbaz osti bagʻalidagi ustma-ust ravoqchalar ustunchalarga tayangan. Ravoqchalar 8 qirrali gumbaz asosini tashkil qiladi. Qirralar burchagiga gumbazga tirgaklik qiluvchi ustunchalar ishlangan.
Arxeologik qazilma vaqti (1927)da xona sahnida 2 yogʻoch sagʻana borligi aniqlangan.